Bugun, 4 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Davlat rahbarlari suhbat davomida o‘zbek-qozoq ko‘p tomonlama hamkorlikning kelajakdagi rivojlanishi va kengayishi kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.
Siyosiy erkinlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash sababli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sherikchilik imkoniyatlari ochilib borayotgani mamnuniyat bilan ta'qidlandi.
Qisqa muddatda barcha sohalarda yutuqlarga erishildi. Ikki tomonlama aloqalar tarixida ilk bor Qozog‘istonda 2018 yil O‘zbekiston yili deb e'lon qilindi. Uning tantanali ochilish marosimi joriy yil 15 mart kuni bo‘lib o‘tdi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. O‘zaro savdo hajmi izchil o‘sib, iqtisodiyotning turli sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. Aviaparvozlar soni, avtomobil va temir yo‘l tashuvlari, avtobuslar qatnovi ko‘paydi. Madaniy-gumanitar va sayyohlar almashuvi kengaymoqda.
Shu haqda so‘z borar ekan, qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishnig samarali mexanizmi bo‘lgan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati amaliy natijalar berayotgani ta'kidlandi.
Suhbatda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Joriy yil mart oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Suhbat yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ikki qardosh mamlakat va xalq manfaati yo‘lida serqirra hamkorlikni kengaytirish hamda ko‘p asrlik do‘stlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasida qat'iy azmu shijoatga ega ekanliklarini ta'kidladilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Matbuot xizmati xabar berdi.