
AQSH KXDRga qarshi davlatlarning boshini birlashtirmoqchi.
AQSH va Janubiy Koreya havo kuchlari birgalikda oktyabr oyida Shimoliy Koreyaning yadroviy ob'yektalarini yo‘q qilish uchun qo‘shma faoliyat olib boradi. Bu haqda "TASS” xabar beradi. Ularning "Qizil bayroq” deb ataluvchi o‘quv mashg‘ulotlari Alyaskada bo‘lib o‘tadi.
Bu harbiy hamkorlikka Janubiy Koreya hukumati sakkizta F-15K rusumli qiruvchi va ikkita C130H rusumli harbiy-tashuvchi samalyotini yuboradi. Amerika tomonidan esa ushbu hamkorlikda F-16 va F-15C rusumli 50ta qiruvchi samalyot qatnashadi.
O‘quv mashg‘uloti davomida havo hujumining yerdagi nishonni yo‘q qilishga mo‘ljallangan turli usullari o‘rganib chiqiladi. Bundan tashqari, yerosti bunkerlarini yakson qilish uchun maxsus aviabombalardan foydalaniladi.
O‘quv mashg‘ulotida Koreya havo kuchlaridan tashqari, NATOga a'zo qator davlatlar hamda Yangi Zelandiyadan harbiy samolyotlar ishtirok etadi. Bu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreyaning so‘nggi paytlardagi xatti-harakatlariga javob bo‘ladi, deyiladi xabarda.
KXDR 5 sentyabr kuni Xvan chju uyezdi Xvanxe-Pukto provinsiyasida "Nodon” nomli uchta ballistik raketalarini uchirib sinovdan o‘tkazgandi. Raketalar deyarli ming kilometr masofani uchib o‘tib, Yaponiyaning favqulodda iqtisodiy zonasiga qulagan.
Avgust oyi boshida ham KXDR Yaponiya ma'muriy hududi Akitaga qulagan "Nodon” nomli ballistik raketalarini sinovdan o‘tkazgan edi. Oy oxiriga kelib yana bir raketa Yapon dengizidagi suvosti kemasidan turib sinovdan o‘tkazilgan.
Pxenyan 9 sentyabr kuni tartib bo‘yicha beshinchi hamda KXDR tarixida eng muvaffaqiyatli chiqqan yerostida atom portlatishni amalga oshirdi. 2006, 2009, 2013 yillarda va joriy yilning yanvar oyida atom bombasi sinovini o‘tkazgan.
Avvalroq xabar berganimizdek, 18 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi boshlanishidan avval, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya mamlakatlarining Tashqi ishlar vazirlari uchrashuv o‘tkazgandi. Unda ayni shu masala o‘rtaga tashlangan: Pxenyanning beshinchi eng yirik yadro sinovidan keyin mamlakatlarning hukumatlari majburiy choralar va bir-biri bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishgan edi. Mazkur harbiy hamkorlik yuqoridagi uchrashuvda hal etilgan bo‘lsa, ajab emas.
KXDRning ham, unga qarshi davlatlarning ham tishlari o‘tkirlashib bormoqda. Kim kimning bo‘g‘zidan olishi bizga qorong‘uligicha qolmoqda. Saytimizni kuzatib boring. Bu chigalliklarning yechimi haqida ham xabar beramiz.