Pxenyanda Koreya Mehnat partiyasining VIII qurultoyi yakuniga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "RBK” Koreya Markaziy telegraf agentligi (KMTA)ga tayanib.
Tadbirda suvosti kemalari ballistik raketalari namoyish etilgan bo‘lib, agentlik uni "dunyodagi eng kuchli qurol” deb atagan. Reuters Shimoliy Koreya davlat OAV tomonidan tarqatilgan fotosuratlarga asoslanib, gap 2020-yil oktabr oyida namoyish etilgan Pukguksong-4 raketalari modernizatsiya qilingan versiyasi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin, deb aytmoqda.
Paradda KXDR yetakchisi Kim Chen In va bir qator yuqori martabali amaldorlar ishtirok etgan. KMTA xabariga ko‘ra, tadbirda taktik raketalar va artilleriya qurilmalarining "ultrazamonaviy” namunalari ham namoyish etildi.
Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi manbasiga ko‘ra, parad 14-yanvar, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlanib, bir necha soat davom etgan.
10-yanvar kuni Janubiy Koreya OAVlari Seul KXDRda Koreya Ishchilar partiyasi syezdiga bag‘ishlangan harbiy paradni "o‘tkazish alomatlarini” topgani haqida xabar bergan. Keyinchalik ular bu marosimga tayyorgarlik bo‘lishi mumkin, deb taxmin qildi, chunki rasmiy Pxenyan bu voqea haqda e’lon qilmagan. Bir necha kundan keyin Kim Chen Inning singlisi va hukmron partiya Markaziy qo‘mitasi a’zosi Kim Yo Chjon Seulning Pxenyanga nisbatan harakati adovatli deb tanqid qildi.
Shimoliy Koreyada mamlakat tarixidagi bundan avvalgi yirik harbiy parad 2020-yilning oktabr oyida, hukmron Koreya Mehnat partiyasi tashkil topganligining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgandi.
Avvalroq Shimoliy Koreya Mehnat partiyasining VIII qurultoyida KXDR yetakchisi Kim Chen In partiya bosh kotibi etib saylangani haqida xabar berilgandi.