Har-Hil [10401] |
Turfa olam [22] |
Odnoklassniki Sirlari [39] |
Dunyo Habarlari [26] |
Telefon Kodlari [18] |
Telefonlar Haqida [8] |
Sherlar [108] |
Futbol Yangiliklari [30] |
Maslahatlar [37] |
Latifalar [81] |
Yangi Yil Tabriklari [2] |
Senga Oshiqman [3] |
Bilimlar [6] |
Yulduzlar Biografiyasi | Юлдузлар Хаёти [126] |
Tush Ta'birlari [486] |
Muchal va Burjlar [8] |
![]() | Xamid Toshpo'latov Biografiyasi |
![]() | Anvar Kartayev Biografiyasi |
![]() | Ma'suda Otajonova Biografiyasi |
![]() | Lola Eltoyeva Biografiyasi |
![]() | Husan Sharipov Biografiyasi |
![]() | Gulnora Qosimova Biografiyasi |
![]() | Yodgora Ziyomuhammedova Biografiyasi |
![]() | Shaytanat Xongrey Biografiyasi |
![]() | Barno Qodirova Biografiyasi |
![]() | Farziddin Fayozov Biografiyasi |
![]() | Hoshim Arslonov Biografiyasi |
![]() | Gulchehra Ibrohimbekova Biografiyasi |
![]() | Erkin Komilov Biografiyasi |
![]() | Dildora Rustamova Biografiyasi |
![]() | Alisher Hamroyev Biografiyasi |
![]() | Afzal Rafiqov Biografiyasi |
![]() | Ra'no Shodiyeva Biografiyasi |
![]() | To'lqin Tojiyev Biografiyasi |
![]() | Zuhra Ashurova Biografiyasi |
![]() | Behzod Muhammadkarimov Biografiyasi |
![]() | Tush tabiri - Tushda Yel chiqarish ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Kaklik ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Ho'kiz ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Hulkar yulduz ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Homiladorlik ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Hojatga chiqish ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Hojatga borish ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Hovuz ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Hassa ko'rish |
![]() | Tush tabiri - Tushda Hammom ko'rish |
07:29 Kursi-odam yoki odam-kursimi ? | |
![]() Har tong Yosiko erini ishga jo`natib, nufuzli "N” jurnalining yozgi sonida chop etilishi lozim bo`lgan romani ustida ishlash uchun ovro`pacha jihozlangan ijodxona (eri ikkalasi uchun bitta bo`lma)da yolg`iz qolardi. Yosiko nafaqat latofatli, iqtidorli, qolaversa, shunday mashhur ediki, Tashqi ishlar vazirligining kotibi bo`lmish turmush o`rtog`idan-da o`zib ketgandi. Har kuni noma`lum muhlislardan bir dasta xat kelardi. Mana, bugun ham qo`liga qalam olishdan burun, odatdagidek, nomalarni ko`zdan kechirdi. Aytarli yangilik yo`q — bari uzundan-uzoq, zerikarli. Lekin Yosiko kamoli diqqat-la har bir xatjildni birma-bir ochaverdi. Birinchi galda ikkita qisqa xatni va qutlovxatni o`qidi, semizgina — qo`lyozma bo`lsa kerak — qog`ozxaltadagini esa keyinroqqa olib qo`ydi. Qo`lyozma haqida biron gap-so`z yo`q edi, biroq avvallari yosh qalamkashlar o`z asarlarini — esnoq tuttiradigan romanlarini jo`natib turishardi. Yosiko odatini kanda qilmadi: qog`ozxaltani ochdi — jilla qursa, sarlavhasiga ko`z tashlak kerak-ku. Ha, adashmabdi — salmoqli qog`ozlar dastasi chindan ham qo`lyozma ekan, ammo, qanchalik g`alati tuyulmasin, birinchi sahifada na ism-sharif, na sarlavha bor edi, bitik shunchaki "Begoyim!..” deb boshlanardi. Yosiko xayoli qochib bir necha satrga ko`z yugurtirdi va yuragi g`ashlandi. Tug`ma qiziquvchanligi ustun keldi-yu, mutolaaga sho`ng`idi. "Begoyim! Siz meni tanimaysiz. Beandishaligim uchun ikki bukilib afu etishingizni so`rayman. Hayratlanayotganingizni tasavvur etgan holda boshidanoq aytib qo`yay: Sizga dahshatli sirni ochmoqchiman. Jinoyatim sirini. Mana, necha oydirki, dunyodan uzilib, iblisona hayot kechiryapman. Shubhasiz, hech bir tirik jon nima bilan mashg`ulligimni bilmaydi. Agar ba`zi bir holatlar bo`lmaganda, hech qachon odamlar orasiga qaytmasdim... So`nggi damlarda shunday o`zgarishlar yuz berdiki, qalbim ostin-ustun bo`ldi. Ortiq jim turolmayman, istig`for keltirishim shart! Maktubim ilk satrlardanoq Sizga g`alati tuyulgandir, yolboraman, uni bir chetga tashlab qo`ymang, marhamat qilib oxirigacha o`qing! Balki ana shunda Siz nochor ahvolimni tushunarsiz, ne sabab aynan Sizga iqror bo`layotanimni fahmlarsiz... Nimadan boshlashgayam hayronman. Ko`rmaysizmi, aytmoqchi bo`layotganlarim, shunchalik beiboki, hatto qalam ham bo`ysunmayotir. Nima bo`lsa, bo`ldi. Hammasini boshidan boshlayman. Judayam beo`xshovligimdan boshlayman. Buni yodda tuting. Nega desangiz, qattiq iltimos qilishimga qaramay, uzoq oylar davomida shundog`am manfur bo`lgan tashqi ko`rinishim bundayin kun kechirishim tufayli jirkanch tus olganidan bexabar ravishda men bilan ko`rishishni istab qolasizmi, degan hadigim bor... Bu uchrashuv Sizni larzaga solishi mumkin. Eh, mening baxtiqaro qismatim! Bu badburush jismda toza, jo`shqin yurak urib turibdi... Badbasharaligimni, miskin nasl-nasabimni unutib, shirin orzular olamida yashadim. Boy-badavlat oilada tug`ilganimda edi, aysh-ishratu o`yin-kulgulardan o`zimga taskin topardim, qusurimdan iztirob chekmasdim. Yoki menga iqtidor berilgandami, go`zal misralar to`qib, baxtsizligimni unutardim. Ammo Tangri mendan marhamatini darig` tutgan: men bor-yo`g`i oddiy hunarmandman, qimmatbaho mebellar yasovchi ustaman... Shunday bo`ldiki, men turli stul va kursilar yasaydigan mutaxassisga aylandim. Mening qo`limdan chiqqan mebellar eng nozikta`b buyurtmachilarga maqbul tushardi; savdo-sotiq doiralarida mashhur bo`ldim va qimmatbaho, serhasham buyumlar: turfa shakldagi, yangi fasondagi, o`ymakor suyanchiqli, tirsakqo`ygichli, jimjima yostiqli, bir so`z bilan aytganda, nafis kursilar yasashni menga buyurtirishardi; bunday buyurtmani bajarish uchun aqlga to`g`ri kelmaydigan mahorat va qunt talab qilinadi. Lekin ishni tugatib, doim cheksiz quvonchni tuyardim — mashaqqatli mehnat ortda qolganidan emas, albatta. Siz meni havoyilikda ayblashingiz turgan gap, ammo hislarimni hozirgina dohiyona asarini tugallagan musavvir xurramligi bilan tenglashtirishga botindim. Kursini yasab bo`lib, unda o`tirish qulaymi-yo`qmi, o`zim sinovdan o`tkazardim. Meni allatovur ajib bir titroq qamrardi. Bu onlar tussiz hayotimning hayajonli damlari edi. Men yasagan kursida kim o`tirishini tasavvur qilib ko`rardim — tagli-tugli aslzodami, tengi yo`q sohibjamolmi... O`y-xayollarim meni kursi buyurtirilgan dang`illama hovliga olib borardi, hovlida kursiga mos xona bo`lishi kerak: turli-tuman qimmatbaho va nafis bezaklarga to`la, devorlarga atoqli musavvirlarning suratlari ilingan, shiftga billur qandil osilgan. Polda oyoq bossang, botib ketadigan momiq gilam... Mo``jazgina stolchada muattar bo`yli gullar solingan ovro`pacha guldon. Telba orzularimda bu koshonaning xojasi edim, so`z bilan ta`riflab bo`lmas huzur-hulovatdan sarmast edim. Tasavvurim chegara bilmasdi. O`zimni kursiga o`tirvolib, quchog`idagi go`zal qallig`ini oshiqona so`zlar ila erkalayotgan zodagon deb tasavvur qilardim. Biroq mo`rt orzularim shallaqi xotinlarning chiyildoq ovozidan, mishiqi bolalarning xo`ngrab yig`lashidan chilparchin bo`lardi. Orzularimdagi sohibjamol-chi... U ham bug`dek tarqalib ketardi... Bunisi-ku mayli, hatto bolasini etaklab yurgan qo`shni xotinlar-da menga qayrilib qarashmasdi. Faqatgina o`zim yasagan dabdabali kursigina men bilan qolardi. Lekin u ham tez orada meni tark etardi. Har safar buyurtma kursi bilan xayrlasharkanman, ma`yus tortib qolardim. "Qurt-qumrsqadek kun ko`rgandan ko`ra o`lganim yaxshi”, – deb o`ylardim o`zimga ichim achib. Mug`ombirlik qilmayapman: men hadeb o`lim haqida o`ylayverardim. Bir kuni miyamda ajoyib fikr yilt etdi: "O`lib nima ro`shnolik ko`rardim? Boshqa chorasi bordir axir?” O`y-fikrlarim yanada xatarli tus olaverdi. O`sha vaqtda charm qoplangan kattakon kursi yasardim. Kursi qandaydir ovro`palikka qarashli Iokogamadagi mehmonxonaga atalgandi. Avvalboshda u kursini chet eldan olib kelmoqchi bo`libdi, biroq savdogarimiz o`rtaga tushib, mening iqtidorimni maqtab, buyurtmani kaminaga berishdi. Uyquni ham, eb-ichishni ham unutib, ishga sho`ng`idim. Kursiga butun qalbimni berdim, desam, mubolag`a bo`lmaydi. Mana, kursi ham tayyor bo`ldi. unga qarab o`zimda yo`q zavq-shavqni tuydim. Shunday durdona kursi yasaganimga o`zim ham hayron edim. Odatimcha, kursini oftobga olib chiqib, o`tirdim. Oh, shunday rohatki! Ortiqcha yumshoq ham emas, ortiqcha qattiq ham emas. Charm qoplamasini aytmaysizmi! Qoplamaning tabiiy rangini saqladim, ushlasang, xuddi terini ushlaysan-a... Badanga chippa yopishadigan suyanchig`i, momiq-momiq tirsakqo`ygichi biram shinam, biram qulayki! Qulayroq o`tirib, tirsakqo`ygichlarini silab, ko`zimni yumgancha rohatlandim. Yana orzularga berildim. Bu safar orzularim shunchalik jonli, yorqin ediki, o`zimdan qo`rqib: "Aqldan ozdimmi, nima balo?” deb so`radim. Shunda meni g`oyat zo`r bir fikr asir etdi! Bu fikrni naq iblisning o`zi aytib turdi menga. G`oya shunday vahimali ediki, shu sabab xayolimdan haydab sololmadim. Bu fikr, shubhasiz, mehnatim samarasidan ayrilishni istamaganim uchun ongimning bir burjida shu`ladek paydo bo`ldi. Kursimning ortidan dunyoning bir chetiga ham borishga shay edim. Fikr bora-bora dahshatli niyatga evrildi. Nima bo`lsa, bo`ldi, g`oyani amalga oshirishga ahd qildim. Darhol kursini qismlarga bo`lib, qaytadan tikladim. Endi kursi rejalarimni amalga oshirishimga bemalol xizmat qila oladi. Kursi kattakon, polgacha charm tortilgandi; qolaversa, suyanchig`i va tirsakqo`ygichlari shunday o`lcham va shaklda ediki, ichida bemalol odamni yashira olardi. Albatta, qoplama tagida yog`och sinchi, po`lat prujinalari bor edi, ammo-lekin men bor mahoratimni ishga solib, kursini shunday ishladimki, o`rindig`iga tizzalarim, suyanchig`iga gavdam va boshim joylashdi. Kursi shakliga kirib, uning ichida xohlaganimcha qolishim mumkin edi. Xo`b ter to`kib ishladim, o`zimga qulaylik yaratish uchun kursini takomillashtirdim. Masalan, nafas olish, kuzatish va tashqaridagi ovozlarni eshitish uchun ko`zga tashlanmaydigan mayda teshikchalar ochdim. Boshim barobarida suv va osh-tuz uchun tokcha o`rnatdim. Tabiiy hojat uchun esa rezina xalta ham bor edi. Xullas, kursi ichida bir necha kun yashasa bo`lardi, bir so`z bilan aytganda, bir kishilik hujra... Ko`ylagimni echib, ichkariga kirdim va g`ujanak bo`lib o`rnashdim. Juda g`alati! O`zimni xuddi xuddi sag`ana ichiga tiriklayin suvab tashlagandayman. Men ko`rinmas ridoga yopinib, odamlar orasidan yo`qolgandim... Tez orada arava etaklab kursini olib ketish uchun eltuvchi keldi. Kursini aravaga ortishayotganda, bir hammol: "La`nati! Namuncha zil-zambil bo`lmasa!” dedi. Qo`rqqanimdan yanayam g`ujanak bo`lvoldim. Lekin bunday turdagi kursilar doim og`ir bo`lgan, shu bois xavotirga o`rin yo`q. Keyin o`nqir-cho`nqirlarda taraqa-turuq boshlandi. Bekorga yurak hovuchlabman: o`sha kuni kursini mehmonxonaga eson-omon etkazishdi va ichkariga olib kirishdi. Keyin ma`lum bo`ldiki, kursini dahlizga qo`yishibdi. Fahmlayogan bo`lsangiz kerak, men bir maqsadni — payt poylab, kursidan chiqib, u-bu narsani o`zlashtirishni ko`zlardim. Kursida odam yashiringani kimning xayoliga kelibdi deysiz?.. Xonadan xonaga kirib-chiqib soyadek tentirashim mumkin edi, shovqin-povqin eshitilsa, panamga kirib ketardim. Damimni ichimga yutib, o`g`rini qidirayotganlarning hovliqishlariga quloq solardim. Sohil bo`yidagi toshlar orasida yashaydigan go`shanishin qisqichbaqani bilsangiz kerak? Ko`rinishidan yirik o`rgimchakka o`xshaydi. Tevarak-atrof jimjit bo`lsa, qisqichbaqa surbetlarcha sohilda talallabedod qiladi, salgina shovqin eshitilishi bilan darrov qobig`iga yashirinib oladi va jirkanch, sertuk panjalarini andak chiqarib, g`animi harakatlarini kuzatadi. Men o`sha qisqichbaqaning o`zi edim. Faqat in o`rnida kursi, sohil o`rnida esa mehmonxona edi. Ha, o`ylagan rejalarim inson tasavvuridan-da olislab ketgandi, shuning uchun ham omadim chopgandi. Mehmonxonaga kelganimning uchinchi kunidayoq "yog`liqqina” o`ljani qo`lga kiritdim. Har safar "ov”ga chiqarkanman, ich-etimni yoqimli hayajon chulg`ar, muvaffaqiyatli o`g`rilikdan keyin ta`riflab bo`lmas sevinchdan yuragim hapriqardi. Kursi atrofida kuymalanib tashvishga tushgan odamlarning ahvolini bir ko`rsangiz edi! Taassufki, hozir ko`rgan-kechirganlarimni batafsil tasvirlashning mavridi emas. Izn bersangiz, hikoyamni davom ettirsam. Ittifoqo, men o`ta qaltis va oxiratni kuydiradigan lazzat manbaini kashf etdim — diqqat qiling, hikoyaning asosiy qismiga yaqinlashyapmiz! Lekin bundan oldin hikoyamning avvaliga qaytamiz. ...Shunday qilib, kursini dahlizga qo`yishdi va mehmonxona xodimlari birma-bir kelib o`tirishadigan bo`lishdi. Birmuncha fursat o`tib turib ketishardi. Keyin suv quygandek jimjitlik hukm surardi. Chamasi, dahlizda hech kim qolmagandi. Panadan chiqay derdim-u, biroq meni kutib turgan ming bitta xavf-xatarni o`ylab fikrimdan qaytardim. Jon qulog`im bilan atrofga quloq osdim. Ko`p o`tmay og`ir-vazmin qadam tovushlari eshitildi. So`ng deyarli eshtilmay qoldi. Aftidan, boyagi odam dahlizga to`shalgan yumshoq gilamga qadam qo`ygandi. Keyin hars-hars nafas olganini eshitdim va taraddudlanishga ham ulgurmayin, tizzalarimga zilday tana o`zini tappa tashladi, vaznidan ovro`palikka o`xshaydi. Yaxshilab o`tirvolib, bir-ikki sakradi. Vazmin gavdadan meni faqat charm qoplama ajratib turardi. Keng elkalari ko`ksimga tiraldi, og`ir qo`llarini bilaklarimga tashladi. Sigara chekyapti, shekilli, burnim achishdi. Begoyim, o`zingizni meni o`rnimda bir tasavvur qilib ko`ring! Juda notabiiy his. Badanimdan duv-duv ter oqib, dahshatga tushdim, hatto miyam fikrlashdan to`xtab qoldi. Shundan keyin o`nlab odamlar galma-galdan tizzamda o`tirib ketishdi. Birortasining xayoliga kursiga emas, tomirlarida qaynoq qon oqayotgan odamning ustiga o`tirayotgani kelmadi. Endi men uchun butun olam mana shu charm g`ilofdan iborat edi. Men uchun odamlar o`z qiyofalarini yo`qotib, ularni ovozlari, nafas olishlari, qadam tovushlari, ko`ylaklarining shitirlashi, badanlaridan his eta boshladim. Ularni yuzlaridan emas, o`tirishlaridan ajratadigan bo`ldim. Biri semiz, hidlangan baliqdek silliq; boshqasi qoqsuyak. Qolaversa, belining bukilishi, kuragi, qo`lining uzunligi, tosining kengligidan ham ajratardim... Odamlarni nafaqat tashqi ko`rinishi, barmoq izlari, balki paypaslab ko`rib ham ajratib olish mumkin ekan. Shubhasiz, bularning bari nozik hilqat vakillariga ham tegishli. Ko`pincha ularning tashqi ko`rinishiga qarab go`zal yoki ko`rimsiz deya fikr yuritamiz. Ammo mening dunyoimda bu haqda gap bo`lishi mumkin emas. Bu erda ayollarning ipakday mayin terisi, hushohang ovozi, hushbo`y isi muhim... Begoyim, umid qilamanki, ochiqchasiga o`tganimdan Sizni xijolatga qo`ymayman. ...Alqissa, bir kuni yuragimda jo`shqin hislarni uyg`otib bir xonimcha kursiga o`tirdi. Ovozidan ajnabiy qiz ekanini bildim. Raqsga tushayotgandek yurib, burnining tagida ajib bir kuyni hirgoyi qilgancha, quyundek dahlizga kirib keldi... Kursiga yaqinlashib, bir zum tek turdi va birdan e yo`q, be yo`q tizzalarimga sakrab o`tirib oldi! Yarim soatdan ziyodroq fursat hirgoyi qilayotgan kuyiga mos ravishda tebranib tizzalarimda o`tirdi. O, bu shunday rohat ediki! Butun umr ayollardan o`zimni olib qochdim — ular meni ko`rishlari bilanoq yuzlarini burishtirib, teskari qarashardi — lekin bu xonada men notanish sohibjamol bilan yolg`iz edim. Xonada yakka o`zi ekaniga ishonib, istagan holatida o`tiraverdi. Men esa issiq badanining taftidan bahra olardim, hatto bo`yniga lablarimni bosishim mumkin edi. Qiz naq bag`rimda. Sirasini aytganda, shirin orzularga berildim... Shundan so`ng boshdagi haris niyatlarimdan voz kechib, ettinchi falakka ko`targuvchi, o`zgacha his-tuyg`ular girdobiga sho`ng`idim. Kursidagi muhabbat!.. Buni boshidan kechirmaganlar qayoqdan ham bilsin! Bu muhabbat paypaslash, eshitish va ifordan tug`iladi. Zulmat ichra muhabbat. Hayotda nimalar bo`lmaydi deysiz! Avvalboshda ancha-muncha "o`lja”ni qo`lga kiritib, juftakni rostlab qolmoqchi edim. Lekin qayoqda! Sirli-notanish tuyulgan lazzat asiriga aylandim-u, qochish fikri xayolimdan uchdi-ketdi. Uzoq vaqt bukchayib o`tiraverganimdan a`zoyi badanim tosh qotdi, hatto tik turolmay qoldim; tunda oshxona yoki xalajoyga yurib emas, sudralib borardim. Tentakligimni qarang! Shuncha azoblardan keyin ham "oshyon”imni tark etmadim. Mehmonxona mijozlari tez-tez almashib turardi. Albatta, mening ma`shuqalarim ham o`zgarardi. Ularni tana shakllaridan eslab qolardim. Birlari xushbichim, biri ilondek eshiluvchan, boshqasi koptokdek tarang, yana boshqasi antik davr haykallarini yodga soladi. Har birining o`ziga yarasha malohati, jozibasi bor edi. Gapiraversam, gap ko`p. Ko`rgan-kechirganlarimga batafsil to`xtalib o`tmayman, gapning indallosi bular emas. Shundog`am ko`p vaysab yubordim. ...Oradan bir necha oy o`tdi. Mehmonxona xo`jayini ba`zi bir sabablarga ko`ra vataniga jo`nab ketdi. Mehmonxonani esa qandaydir yapon firmasiga sotib yubordi. Yangi xo`jayin mehmonxonani oddiy, hammabop mehmonxonaga aylantirmoqchi bo`ldi va barcha qimmatbaho buyumlarni kimoshdi savdosiga qo`ydi, jumladan, kaminaning kursisini ham. Buni eshitib, chuqur qayg`uga botdim. Bir xayolim odamlar orasiga qaytsammi, dedim. Savqitabiiyim bu eng to`g`ri yo`l derdi. Shu oylar davomida durustgina boylik yig`ishga ulgurgandim, yallama-yorim qilib yashasam bo`laverardi. Lekin tavakkaliga ish ko`rishni ma`qul topdim. Gap shundaki, mehmonxona go`zallari ming malohatli bo`masin, baribir ham ajnabiy edi, demakki, qalban menga begona. Men yapon ayolini sevib qolishni orzulardim! Shu orada mening kursimni ham kimoshdi savdosiga qo`yishdi. Ichimda balki kursimni bironta yapon sotib olar, deb umid qilardim. Shuning uchun sabr-toqat qilib, kursini tark etmaslikka ahd qildim. Kimoshdi savdosi zalida alamdiyda holatda birmuncha fursat o`tirdim, baxtimga ko`p o`tmay xaridor topildi. Xaridor Iokogama yon-veridagi shaharda yashovchi amaldor bo`lib chiqdi. Yuk mashinasida kursini olib ketisharkan, ichim to`kilib qolay dedi. Amaldor dang`illama hovlida turarkan. Kursini ovro`pacha jihozlangan xonaga olib kirishdi. Buni qarangki, xona er-xotin uchun bitta ijodxona vazifasini o`tarkan. O`sha kundan boshlab bir oy davomida amaldorning rafiqasi bilan bir hujrada yolg`iz qoldim. Tushlik va uyqu vaqtini hisobga olmaganda, hamma vaqt tizzalarimda o`tirib qandaydir asar ustida ishladi; hatto xonaga kirgandan so`ng eshikni ichkaridan qulflab olardi. Bu ayolni telbalarcha sevib qolganimni aytsammi-aytmasammi? Bu xonadonda men ilk bor chinakam sevgi sururini tuydim. Bu ayolning oldida boshqalari hatto ip esholmasdi. Bu dilbar xonim kursi ichida ekanimni bilishini istardim. Bu o`ta qo`rslik, ammo men uning muhabbatiga tashna edim. Unga qanday sha`ma qilsam ekan? Agar ogohlantirishsiz shunday qilsam, qo`rqqanidan eri yoki xizmatkorini chaqiradi. Ana unda mening baxtimga nuqta qo`yiladi. Ustiga ustak, meni jinoyatda ayblashadi va qonun oldida javob berishimga to`g`ri keladi. Uning mehriga sazovor bo`lish uchun o`zgacha yo`l tutdim: uzoq vaqt kursida o`tiraverib toliqib qolsa, holatni o`zgartirib, qulayroq o`tirishiga sharoit yaratardim; ko`zi ilinsa, asta-asta belanchakday tebranardim. Bora-bora u kursiga xuddi tirik jonday muomala qiladigan bo`ldi. His-tuyg`ularim kundan-kunga avjlanaverdi. Alaloqibat, butun dunyoni unutdim; mahbubamning raftoriga bir marotaba nigoh tashlasam-u, so`ng jon taslim qilsam, degan yondirguvchi istak yuragimni kuydiraverdi... Begoyim! Siz, shak-shubhasiz, hammasini fahmladingiz. Sizni mahbubam deganim uchun bir qoshiq qonimdan keching. Turmush o`rtog`ingiz kimoshdi savdosida mening kursimni sotib olganidan buyon Sizga oshiqu beqaror bo`ldim. Begoyim! Sizdan birgina o`tinchim bor. Bir onga bo`lsa-da, Sizni ko`rsam, dilga malham bo`lguvchi shirin yupanch so`zlaringizni eshitsam bo`lgali! Bir nochoru notavondan marhamatingizni darig` tutmang! Sizga mana shu maktubni bitish uchun kecha tunda xonadoningizni tark etdim. Hozir Siz ushbularni o`qiyotgan bir zamonda men yuragim taka-puka bo`lib derazangizga ko`z tikib turibman. Basharti beandisha o`tinchimga rozi bo`lsangiz, iltimos, xonangiz derazasida turgan tuvakdagi gulga ro`molchangizni tashlab qo`ying. Shu belgi orqali eshigingizni taqillataman...” Maktub shu erda uzilgandi. Hali so`nggi satrlarni o`qib ulgurmagan Yosiko dokaday oqarib, jirkanch kursi turgan xonadan miltiqning o`qiday otilib chiqdi. Beadablarcha yozilgan xatni parcha-parcha qilib yirtib tashlagisi keldi-yu, allaqanday kuch to`xtatib qoldi. Dahshat! Nahotki, har kuni o`tirgan kursisida begona erkak yashiringan bo`lsa?! Yosiko ustidan muzday suv quyganday seskanib ketdi, vujudini titroq bosdi. U kishanlanganday turgan joyida qotib qoldi. Nima qilsa ekan? Kursini tekshirib ko`rsamikin? Aslo! U ketdi, ammo kursining ichida ovqat qoldiqlari, latta-puttalari qolgan-ku... – Begoyim, sizga xat keldi! Yosiko sapchib tushdi. Ostonada qo`ldia xatjild ushlagancha oqsoch turardi. Yosiko beixtiyor xatni olib ochdi. Tanish ierogliflarga ko`zi tushgach, chinqirib yubordi. O, dahshat! O`sha husnixat bilan bitilgan yana bitta maktub! Yosiko nima qilishini bilmay, o`yga cho`mdi. Nihoyat, xatni ochib o`qiy boshladi. Noma qisqa, lekin Yosiko mazmunidan esankirab qoldi: "Yana bir bor haddim sig`ib Sizni bezovta qilayotganim uchun ma`zur tutgaysiz. Gap shundaki, anchadan beri sizning asarlaringizni o`qib, muhlisingizga aylanganman. Bundan avvalgi xatim — ilk kamtarona asarim. Agar qo`lyozmamga taqriz bildirsangiz, boshim ko`kka etardi. Asarimni hech qanday izohlarsiz jo`natganim uchun yana bir marta avf etgaysiz. Ho`sh, hikoyam Sizga manzur tushdimi? Modomiki, zig`ircha-da Sizni qiziqtirolgan bo`lsa, quvonchimning cheki yo`q. Hozircha hikoyamga nom tanlamadim. "Kursi-odam” deb nomlasammi, deb turibman. Siz nima deysiz?” | |
|
Всего комментариев: 0 | |