Fransiyalik mashhur aktyor Jerar Depardye yaqinda o‘zining "Begunohlar” nomli kitobini chop etdi. Ushbu kitob avtobiografik xarakterga ega bo‘lib, aktyorning bir paytlar islom dinini qabul qilganligi tarixiga bag‘ishlangan. Bu haqda "Medias-presse” internet sayti ma'lumot beradi.
Kitobda shunday so‘zlar keltirilgan: "Men ikki yil davomida masjidlarga qatnaganman. Kuniga 5 marta namoz o‘qiganman. O‘shanda namoz o‘qish menga o‘z yo‘limni topishimga yordam bergan edi. Bu hayotda nima maqsadda yashayotganligimni anglashga imkon bergan edi”.
Aslida Depardye o‘tgan asrning 60-yillarida islom dinini qabul qilgani haqida so‘zlab beradi: "O‘shanda men 17 yoshda edim. Qur'on mutolaa qilish mening eng sevimli mashg‘ulotimdan biri bo‘lgan. Uni bir kun ham kanda qilganim yo‘q. Masjid menga o‘rta maktab ta'limi vazifasini o‘tadi, desam xato bo‘lmaydi. Meni islom diniga undagan shaxs misrlik qo‘shiqchi Ummu Kulsum hisoblanadi. U bilan tanishganimdan so‘ng, ushbu dinga qiziqishim ortib ketdi va men undan juda minnatdorman”.
Depardye oila qurganidan so‘ng islom dinidan voz kechishga majbur bo‘ladi. Uning aytishicha, bu holat islom diniga bo‘lgan ishonchining yo‘qolishini bildirmaydi. "Biz hammamiz bir Xudoga e'tiqod qilamiz. Asosiysi, u hech qachon bizni yomonlikka boshlamaydi” – deydi u.
Uning kitobi yaqinda Parijda sodir bo‘lgan qonli voqyealarga javoban nashr etilgan. Bundan maqsad, insonlarda islomga nisbatan noto‘g‘ri tasavvurlar paydo bo‘lishining oldini olishdir.
Depardyening islomni qabul qilgani haqidagi xabarlar birinchi marta tarqalayotgani yo‘q. Bundan bir necha oy oldin France 3 TVda namoyish etilgan hujjatli ko‘rsatuvda.
Depardyening bir vaqtlar musulmon bo‘lgani haqida ma'lumot berilgan edi.