
Ayni kunda Janubiy Koreyada katta janjal ko‘tarilgan. Mamlakat tarixidagi ilk ayol prezident Pak Kin Xe OAVda dugonasi haqida chop etilgan maqoladan so‘ng, o‘z lavozimidan ayrilishi mumkin. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
OAVda qayd etilishicha, prezidentning eng yaqin dugonasi Chxve Sun Sil garchi hukumatda hech qanday lavozimni egallamasa-da, mamlakat siyosatiga aralashgan va Pak Kin Xega davlat boshqaruvida ko‘mak bergan, prezident o‘qishi lozim bo‘lgan nutq so‘zlarini yozib bergan, mamlakatdagi mahfiy ma'lumotlarni o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreya Respublikasi prezidenti Pak Kin Xe dugonasi Chxve Sun Sil bilan 40 yildan beri dugona. Prezidentning o‘z dugonasiga haddan ziyod ishonib yuborgani, unga nutq so‘zlarini yozib berishiga, siyosiy qarorlarni qabul qilishga imkon berganini boshqacha tushunib bo‘lmaydi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, OAVda nafaqat Chxve Sun Sil, balki uning qizi Chon Yu Yen haqida ham ba'zi ma'lumotlar chop etilgan. 2014 yil Chon Yu Yen Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan va go‘yoki mamlakatning madaniy rivojlanishini qo‘lab-quvvatlash uchun bir qator fondlarni tuzgan. Ushbu fondlar qisqa vaqt ichida bir necha o‘ng million AQSH dollari miqdoridagi foydani keltirgan.
Chon Yu Yen g‘alabadan so‘ng mamlakatdagi eng obro‘li Ixva universitetiga imtihonlarsiz qabul qilingan. Darslarga o‘z vaqtida qatnashmagan, baholari pasayib ketsa-da, u talabalar safida qolavergan. Ma'lumotlarga ko‘ra, bu holat universitet o‘qituvchilariga tazyiq o‘tkazilganligi sabab sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda Janubiy Koreyada norozilik namoyishlari bo‘lmoqda. Mamlakat aholisi Pak Kin Xening harakatlaridan hayratda ekanini yashira olmayapti. Prezident rasman mamlakat oldida kechirim so‘radi, ammo bu voqyealar ushbu birgina uzr so‘rash bilan unut bo‘ladiganga o‘xshamaydi. Voqyealar rivojini kuzatamiz.