HojiakXonanda Hojiakbar Haydarov "Do‘lana” nomli qo‘shig‘iga nisbatan tanqidlarga javob berdi.
O‘zbekiston xalq artisti Nuriddin Haydarovning o‘g‘li Hojiakbar Haydarov otasining "Do‘lana” nomli qo‘shig‘ini qayta kuylab chiqqani haqida xabar bergan edik. Mazkur qo‘shiq ko‘plab tinglovchilar, xususan, "Do‘lana”ning asl muxlislari tanqidiga uchradi. Unga ishlangan videoklip va rol ijro etgan aktyorlarning, ayniqsa, ustoz san'atkorlarning xatti-harakatlari tinimsiz qoralandi.
Qo‘shiqqa ishlangan bachkana va mazmunsiz bu klipni rejissyor Shuhrat Mavlonov suratga olgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga bildirilayotgan fikrlarga qaraganda, mazkur klip g‘oyasi Timati, L’One va Sergey Mazayev tomonidan 2013 yilda kuylangan "GQ” qo‘shig‘i videoklipidan o‘g‘irlangan.
Kliplarni tomosha qilib, bir-biriga solishtirib ko‘rdik. Ularda deyarli katta farq yo‘qdek. Ikki klipda ham yoshi katta aktyorlar, uchta raqqosa qiz ishtirok etgan. "GQ”da detal sifatida avtomobil, futbol to‘pi va va grammafondan foydalanilgan bo‘lsa, "Do‘lana”da basketbol to‘pi, grammafon karnayi va golf tayoqchasidan ishlatilgan. Demak, rejissyor Shuhrat Mavlonov bu klip g‘oyasi xorijdan o‘g‘irlanganini rad etishiga yetarli asos yo‘q.
Masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida xonanda Hojiakbar Haydarov bilan bog‘landik.
"Haqiqatan ham klip g‘oyasi "GQ” qo‘shig‘iga ishlangan videoklipdan olingan bo‘lib chiqdi, lekin men buni bilmagan edim. Shu paytgacha suratga olingan kliplarimning g‘oyasini doim rejissyorlar bilan bamaslahat tayyorlardik. Bu gal prodyuserim va klipmeykerning o‘ziga qo‘yib bergandim”, deydi xonanda.
Hojiakbar Haydarovning "Do‘lana” qo‘shig‘ini bu alfozda kuylashi juda ko‘p tanqidlarga uchragandi. Taniqli san'atkorlar, jurnalistlar qo‘shiqni bir necha bor tanqid qilib chiqishdi. Nuriddin Haydarov ijrosidagi "Do‘lana” yillar o‘tib disko qo‘shiqqa aylantirilgani muxlislarning ta'bini xira qildi. Hojiakbar Haydarov esa bu tanqidlarga ham javob berdi:
"Qo‘shiqni bundan ancha avval, xuddi otam ijro etganlaridek kuylab chiqqandim. Lekin ko‘p san'atkorlar, bastakorlar eshitgach, eski qo‘shiqlarga o‘xshab qolibdi, biroz zamonaviylashtirish kerak, deyishgandi. Shuning uchun qo‘shiq aranjirovkasiga o‘zgartirishlar kiritgandik”.
Biz endigina ijodini boshlab, tetapoya qilayotgan Hojiakbarning yo‘liga g‘ov bo‘lish fikridan yiroqmiz. Aksincha, tanqid – kelajak mevasi deyishadi. Hojiakbar kechagi qilingan xatolar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.