Hindiston hukumati harbiy dronlar ishlab chiqaruvchilariga Xitoy komponentlaridan foydalanishni taqiqladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Qaror Xitoy tomonidan josuslik va kiberhujumlar xavfi kuchaygan sharoitda milliy xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan bog‘liqligi aytilgan. Mahalliy dronlarda Xitoyning elektron, radiotexnika va optikasidan foydalanish natijasida Hindiston Qurolli kuchlariga zarar yetishi mumkinligi ilgari surilgan.
Manbalarga ko‘ra, hozirda Hindistonda ishlab chiqarilgan dronlar uchun komponentlarning 70 foizi Xitoydan keltiriladi.
"Qaror xavfsizlikdagi zaifliklar va yadro quroliga ega qo‘shnilar o‘rtasida keskinlik kuchayishi bilan bog‘liq xavotirlar fonida qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.
Hindistonning yondashuvi 2020-yildan boshlab razvedkachi dronlarni olib kirishga bosqichma-bosqich cheklovlar kiritishidan boshlandi.
Fevral va mart oylarida dronlar tenderlarni muhokama qilish bo‘yicha ikkita uchrashuvda hind harbiylari potensial ishtirokchilarga "Hindiston bilan quruqlikdagi chegaralari bo‘lgan mamlakatlarning komponentlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan qabul qilinishi mumkin emasligini” aytdi.
"Hindiston sanoati kiberhujumlardan qo‘rqishiga qaramay, dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga qaram bo‘lib qolgan”, — deydi Mudofaa vazirligidagi anonim manba.
Pekin kiberhujumlarga aloqadorligini rad etadi.
Hindiston 2023—2024-yillarda qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish uchun 1,6 trillion rupiy (19,77 milliard dollar) ajratdi, shundan 75 foizi mahalliy sanoatga yo‘naltirilgan.
Ammo Xitoy komponentlarini taqiqlash harbiy dronlarni mahalliy ishlab chiqarish xarajatlarini oshirib, ishlab chiqaruvchilarni butlovchi qismlarni boshqa joydan olishga majbur qildi.