Samarqandlik jamoat faoli Ruslan Xairnurov tasdiqlanmagan ma’lumotni tarqatgani uchun hibsga olindi, deya xabar bermoqda "Gazeta.uz” nashri "Samarkandskiy vestnik” bosh muharriri o‘rinbosari Anastasiya Pavlenkoga tayanib.
Jurnalistning nashrga ma’lum qilishicha, gap "Samarkandskiy vestnik” guruhidagi postni "O‘zbekiston ovozi” guruhiga ulashilgani haqida ketmoqda. Postda "Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov bosh shifokor lavozimi uchun 80 ming dollar olgani sabab jinoiy ish qo‘zg‘atilgan”, deb yozilgan edi.
19-dekabr kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda "Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasini omma oldida obro‘sizlantirish, soha rahbariyatiga haqoratomuz fikrlarni tarqatish maqsadida asossiz, noo‘rin va tuhmat ma’lumotlar tarqatilganini” ma’lum qildi.
"Shu sababli, biz ma’lumotlar mualliflaridan tarqatilgan xabar va mulohazalarni asoslab berishlarini so‘raymiz. Aks holda, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlarini yolg‘on ma’lumotlar tarqatgani va qasddan obro‘sizlantirgani uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishimiz kerakligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Anastasiya Pavlenkoning so‘zlariga ko‘ra, post bir kundan kamroq vaqtdan so‘ng o‘chirib tashlangan.
Uning fikricha, Ruslan Xairnurov ijtimoiy faolligi uchun hibsga olingan.
"Samarqandda fuqarolik jamiyatini istamasliklarini anglab yetdik. Samarqandda keraksiz va noqulay savollarni so‘ramaydigan, dumlarini sodiqlik bilan likillatib, rahbarlarning qonunlarni qo‘pol tarzda buzishiga, xalqning puli, mulki va erkinligini o‘g‘irlashiga yo‘l qo‘yadigan, shu bilan birga, bu noqonuniy xatti-harakatlarni og‘izini ko‘pirtirib maqtaydigan viloyat hokimiyatiga sodiq odamlar kerak”, – deb yozdi u Facebook’da 28-dekabr kuni.
Jurnalistning aytishicha, "Samarqandni asraymiz” ("Soxranim Samarkand”) guruhining faol a’zolaridan biri Ruslan Xairnurov bilan birgalikda bir qator o‘ta muhim mavzular, jumladan, shaharsozlik, ekologiya, kommunal xizmatlar, qonunchilikni amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat idoralariga ko‘plab murojaatlar qilgan.
"Ammo, ko‘ryapsizki, Samarqandga bunday faol fuqarolik pozitsiyasi kerak emas, shuning uchun ham huquq-tartibot idoralari u yoqda tursin prokurorlar va sudyalar qo‘pol qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymoqda. Ruslan Xairnurov kecha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni repost qilgani uchun hibsga olingan. Post mualliflari jazolanmadi, repost qilganlar esa ta’qibga uchradi. Bu amaldagi qonunchilikka zid!” – dedi Anastasiya Pavlenko.
"Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish jamiyati 17-dekabr kuni Ruslan Xairnurov va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berdi.
Huquqni himoya qilish tashkilotining xabar berishicha, Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari faolni jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi sudyasi Ilhom Ergashevning 24-dekabr kuni soat 22:40 da sirtdan, ayblanuvchining ishtirokisiz bo‘lgan sudda qabul qilgan ajrimiga asosan hibsga olgan.
"Sud hujjatiga ko‘ra, Samarqand shahar prokurori Dilmurod Saidqulov tergovdan bo‘yin tovlagani uchun Xairnurov Ruslan Ravilyevichni hibsga olish to‘g‘risida iltimosnoma bergan, qidiruvga berilgan, biroq u tergovga kelmagan. Shu bilan birga, prokurorning o‘zi qayd etishicha, Xairnurovning sodir etgan (tergov ma’lumotlariga ko‘ra) jinoiy harakati ijtimoiy xavflilik darajasi past bo‘lgan qilmishga tegishli”, – deyiladi xabarda.
"Ezgulik”da esa faolning uyida yaqinlari bilan doimiy yashab kelgani, mobil telefoni doim yoniq bo‘lganini aytishdi.
Tashkilot, shuningdek, Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismida BHMning 300 dan 500 baravarigacha jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash tarzidagi jazo nazarda tutilganiga e’tibor qaratdi. "Ezgulik” faolni hibsdan ozod qilishni talab qildi.
"Bo‘lgan voqea Ruslan Xairnurov unga nisbatan qamoq jazosi nazarda tutilmagan qilmishi uchun oldindan ozodlikdan mahrum etilganini anglatadi”, — deyiladi xabarda.
Anastasiya Pavlenkoning "Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, davlat advokati Ruslan Xairnurov avvaliga ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha apellyatsiya berishni istamagan, lekin oxir-oqibat huquq himoyachilari aralashuvidan keyin buni amalga oshirgan. Murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha birinchi sud majlisi "Ruslan Xairnurov sud zaliga olib kelinmagani” sabab o‘tkazilmadi. Uchrashuv 31-dekabrga ko‘chirildi.
Tuhmat qilish ehtimoli bo‘yicha jinoiy ish Yangi yildan keyin ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. "Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, nashr holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligidan izoh ololmagan.