
9 oktyabr kuni AQSH prezidentligiga nomzodlar Donald Tramp va Hillari Klintonning saylovoldi ikkinchi telebahsi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Munozarada ko‘plab savollarga oydinlik kiritildi. Bu telebahs ancha keskin fikrlar bo‘lgani bilan avvalgisidan farq qilib turdi.
Jumladan, bahs mobaynida Donald Tramp Klintonni AQSH davlat kotibi lavozimidagi faoliyatida elektron yozishmalar mahfiyligini saqlashda qilgan xatolari tufayli qamalishi lozimligini aytdi.
"Agar prezident bo‘lib saylansam, Klintonni qamoqqa tiqaman”, deydi Tramp.
Trapm ushbu gaplari bilan 2015 yili Hillari Klinton xizmat yozishmalari uchun shaxsiy elektron pochtasidan foydalangani va "pochta mojarosi” deb nom olgan janjalga sabab bo‘lganini eslatib o‘tdi.
Hillari Klinton Davlat departamentiga 55 mingta xizmat yozishmasini taqdim etgan. Qattiq tanqid ostiga olingani uchun 33 mingta shaxsiy yozishmani o‘chirib yuborgan.
Bu ish bo‘yicha FBI tekshiruv olib bordi va hech qanday jinoyat izlari topmagan.
Hillari Klinton esa bu mojarolarga, "Rossiya hukumati Amerika davlat ma'lumoti omboriga hakerlik hujumini uyushtirmoqda. Bu orqali ular bizda o‘tkazilayotgan prezidentlik sayloviga ta'sir o‘tkazishmoqchi. Bunda "WikiLeaks” ham ishtirok etmoqda. Ruslar ma'lumotlarni o‘g‘irlayapti. Qandaydir tashqi kuch bizning saylov jarayonlariga ta'sir o‘tkazishi tarixda hech qachon bo‘lmagan. Ishontirib aytamanki, bu mendan ko‘ra ko‘proq Trnampning foydasiga...”, deya aniqlik kiritdi.
"...balki Trampning Moskvada biznesi bordir, balki, Putin qilmoqchi bo‘lgan barcha ishlarga rozilik bergani uchundir”, deya qo‘shimcha qiladi Klinton xonim.
Trampning o‘zi esa na siyosat, na biznes sohasida Rossiya bilan aloqasi borligini ta'kidladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan juma kuni AQSH Rossiyani hakerlik hujumi uyushtirganlikda ayblagan edi. Rossiya hukumati esa ayblov asossiz va saylov jarayonida qilinayotgan siyosiy o‘yin deb hisoblashini bildirgan.