Buxorodagi qarovsiz masjidni ta’mirlash paytida arab yozuvi bitilgan qayroqtosh topildi. Bu haqda "Daryo”ga O‘zbekiston tarixchilari jamiyati Buxoro viloyati bo‘limi raisi Azalshoh Hamroyev ma’lum qildi.
Buxoroning qadimiy guzarlaridan birida joylashgan "Mulla Payraviy” masjidi uzoq yillardan buyon e’tiborsiz qolgan. Ayrim manbalarda chillaxona yoki kutubxona deb atalgan masjidning poydevor qismi XIV-XV asrlarda, ustki qismi esa XIX asrda tiklangan bo‘lib, ayni kunda qarovsiz holga kelib qolgandi.
Buxoro viloyat Madaniy meros boshqarmasi tomonidan masjidda obodonlashtirish ishlari boshlangan. Obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan vaqtda viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari o‘lchami 13x48 santimetr bo‘lgan va sirtiga arab yozuvi bitilgan qayroqtosh topgan. Topilma boshqarma restavratori Dilmurod Xolov tomonidan tozalanib, ekspertiza qilingan. Tosh yuzasiga o‘yib yozilgan harflar ko‘ringach, topilma tekshirish uchun Toshkent Sharqshunoslik institutiga yuborilgan.— Mutaxassis ekspertlar tomonidan o‘rganilganda qayroqtoshda eski arab yozuvida "nasx” xatiga mansub bitik borligi aniqlandi. Unda "Al-faqix Ahmad Ammor al-Ansori, Allohning rahmatidan qo‘rquvchi, unga qaytuvchi, hijriy 563-yilning rajab oyi/milodiy 1168-yilning may oyida olamdan o‘tdi”, degan bitik tushirilganligi ma’lum bo‘lgan, — dedi Azalshoh Hamroyev. — Ayni paytda Faqix Ahmad Ammor al-Ansoriy shaxsi haqidagi to‘liq ma’lumotlarni o‘rganmoqdamiz. Qator tarixiy kitoblarga, turli manbalarga murojaat qildik. Izlanishlarimiz samarasiz ketmadi. Mazkur matn bosma matbuotda O.A.Suxaryeva tomonidan "Kvartalnaya obshina pozdnefeodalnogo goroda Buxari” hamda "O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: Buxoro” kitoblarida tadqiq etilgan ekan. E’tiborlisi, bunday noodatiy topilma Buxoro maqbaralarida qayroq ishlatilgan birdan-bir holat bo‘lib, XI-XIV asrlarda qayroq, asosan, Samarqand, Farg‘ona vodiysida va qisman Toshkent atroflarida qabrtosh sifatida ishlatilgani ma’lum bo‘ldi.
Ayni paytda Mulla Payraviy hamda uning nomidagi ko‘hna yodgorlik – masjid to‘g‘risidagi tarixiy manbaalar o‘rganilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Mulla Payraviy haqida faqatgina "Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi” hamda Sadriddin Salim Buxoriyning "Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” kitoblarida juda qisqa ma’lumot keltirilgan. U XIV asrlarda yashagan so‘fiylardan bo‘lgan. Fiqh ilmi bilan shug‘ullangan va mashhur shayx sifatida tilga olingan.