Boris G'ofurov haqiqiy va to'liq ismi Baxtiyor G'ofurov bo'lib, u 1972 yil 17 iyul sanasida Namangan shahrida tug'ilgan.
Uning otasi o'zbek onasi esa rus millatiga mansub ayol bo'lgan. Bu aktyor 15 yoshida onasidan ayrilgan, keyinroq otasi boshqa oila qurgach, katta opasi uni o'z qaramog'iga olgan.
Boris G'ofurov yoshligidan futbolga qiziqqan va o'n yil ushbu sport turi bilan shug'ullangan. Maktabni tamomlagach esa san'atkor bo'lish niyatida Poytaxtga kelgan hamda Toshkent teatr va rassomchilik san'ati oliygohini aktyorlik bo'limiga o'qishga kirgan. Ushbu oliygohda u Muhammadiso Abdulhayirov va Lola Eltoyeva kabi san'atkorlar bilan bir kursda tahsil olgan.
Oliygohdagi o'qishni yakunlagach "Ilhom" nomidagi teatr studiyasida ish boshlagan. 2007 yildan esa Boris G'ofurov bu teatrda badiiy rahbar sifatida o'z faoliyatini davom ettirgan. Bugungi kungacha u, ushbu teatrda ham aktyor ham rejissyor sifatida ko'plab spektakllarda ishtirok etgan.
Bu aktyor kinoda hozirgacha deyarli ko'zga ko'ringan obraz yaratmagan bo'lsada, bir necha filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan. Tomoshabinlarga ushbu aktyor turli reklama rolklari hamda kliplardagi rollari orqali yaxshi tanish bo'lib qolgan.
Boris G'ofurov deyarli 40 yoshida Alina ismli qizga uylangan. Hozirgi kunda ularning bir o'g'il farzandlari bor.
Bugungi kunda 47 yoshda bo'lgan ushbu aktyor o'z faoliyatini "Ilxom" teatr studiyasida badiiy rahbar sifatida davom ettirib kelmoqda.