
Gollivudning "Muzey – 1”, "Muzey – 2” filmlarida bosh rolni ijro etgan iste'dodli aktyor Ben Stillerda prostata bezi saratoni kasalligi aniqlandi.
Shifokorlarning kutilmaganda qo‘ygan tashhislari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi va aktyor zudlik bilan jarrohlik stoliga yotqizildi, deb yozadi "Hollywood reporter”.
Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli kechgan bo‘lsada, aktyor qisqa muddat ichida boshdan kechirgan kechinmalari haqida tahririyatga intervyu berdi. E'tiboringizga ushbu interyuni qisqa tarzda havola etamiz.
"Men o‘zimning dafn marosimim qanday o‘tishini tasavvur qila boshladim”
— Aslida prostata bezi saratoni tashhisi menga bundan 2 yil avval, 48 yoshimda qo‘yilgandi. Tashhis o‘z vaqtida qo‘yilgani uchun barchasi yaxshilik bilan tugadi. Men, o‘rta yoshdagi erkaklarga o‘z salomatliklariga ehtiyotkor bo‘lishlarini, vaqt topib shifokor ko‘rigidan o‘tishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Hozir men soppa-sog‘man. Ammo o‘shanda o‘zimning dafn marosimim qanday o‘tishini tasavvur qila boshlagandim.
"Men vahimada edim. Bu tashhis hayotimdagi barcha narsani birdaniga to‘xtatdi”
— Men uchun bu kutilmagan burilish bo‘ldi. Avvaliga juda ko‘rqib ketdim. Nima qilishimni bilmasdim. Qarindoshlarim orasida bunday kasal bilan og‘riganlar yo‘q. Men o‘zimdagi ba'zi o‘zgarishlar sababli shifokorlarga murojaat qilgandim. Doktor mening tahlil namunalarimni topshirishga ko‘ndirdi. Uning ana shu maslahati tufayli hozir men tirikman. Natijalar chiqqach, dahshatga tushdim. Tuzgan bir qancha shartnomalarni bekor qildim. Chunki salomatligim nuqtayi nazaridan keyinchalik ishlay olamanmi-yo‘qmi, bilmasdim. Shunday og‘ir damda yonimda iste'dodli aktyor, qadrdon do‘stim Robert de Niro bo‘ldi. U menga nafaqat ruhan yordam berdi, balki tajribali shifokorlarni ham topishga yordam berdi.
Hozirda Ben shifokorlar nazoratida. Tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, bunday jiddiy kasallik yuzasidan amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng, bemor doimiy ravishda tahlil topshirishi lozim. Bu kasallikning butunlay yo‘q bo‘lgani yoki bo‘lmaganini bildirishi ham mumkin ekan.