Internet olamida yana bir shov-shuvli video paydo bo‘ldi. Aktrisa Shahzoda Muhammedova Chexiya poytaxti Praga shahri ko‘chalaridagi video tasvirini Instagram’ga joylaganidan so‘ng bu video ijtimoiy tarmoqlar, qolaversa, Whatsapp, Telegram kabi messenjerlarda yashin tezligida tarqashga ulgurdi. Kimdir Shahzodaning bu videosini shunchaki tabassum bilan qabul qilsa, yana kimdir aktrisani qoralash bilan band.
Ma'lumotlarga qaraganda Shahzoda Muhammedova va aktyor Akbarxo‘ja Rasulov ayni damda Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqishgan. U yerda MY5 telekanali uchun "Travel5" ko‘rsatuvining ilk sonlari suratga olinyapti. Mazkur dastur xorij safariga chiqmoqchi bo‘lganlarga mo‘ljalangan bo‘lib, unda Chexiyadagi safar mobaynida tomosha qilinishi kerak bo‘lgan beshta maskan, ta'tib ko‘rilishi kerak bo‘lgan beshta taom haqida maslahatlar beriladi.
Taxminimizcha, tez orada MY5 telekanalida xorij kanallaridan o‘g‘irlangan navbatdagi ko‘rsatuv efir yuzini ko‘radi. Dastur hali efir yuzini ko‘rmasidanoq bu ko‘rsatuvning g‘oyasi "Pyatnitsa” telekanali orqali tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan "Oryol i reshka” dasturidan o‘g‘irlangani tanqid qilinyapti. Ko‘ramiz, ijodiy jamoa o‘g‘irlaganga yarasha ijobiy natijani qo‘lga kiritib, tomoshabin ishonchini oqlay olarmikin...
Darvoqye, ko‘rsatuv mualliflari Akbarxo‘ja Rasulov va Shahzoda Muhammedova 2016 yilni Pragada qarshi olib, 5 yanvar kuni Toshkentga qaytishadi.
|