Joriy yilning 6-16 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Dubay shahrida futbol bo‘yicha klublar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro futbol (FIFA) tashkilotidan kelgan chaqiruv xatiga ko‘ra, ushbu musobaqada FIFA referisi Ravshan Ermatov boshchiligida o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi ish olib boradi.
Ermatovga musobaqa davomida qanot hakamlari Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidovlar yordam berishadi.
14 noyabr kuni Kambojaning Pnompen shahrida Osiyo Kubogi-2019 saralashidan o‘rin olgan Kamboja va Iordaniya terma jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Mazkur o‘yinni o‘zbekistonlik FIFA referisi Ilgiz Tantashev boshqarib boradi. Unga qanotlarda Ruslan Serazetdinov va Andrey Sapenko yordam berishadi. To‘rtinchi hakam vazifasini Dmitriy Pislegin bajaradi.
Shuningdek, 4-8 noyabr kunlari Qatar davlatida bo‘lib o‘tadigan U-19 Osiyo chempionati saralashi "S” guruhidan o‘rin olgan uchrashuvlarda yana bir FIFA referisi Aziz Asimov qanot hakami Husniddin Shodmonov bilan birgalikda ish olib boradi.
4-8 noyabr kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o‘tkaziladigan U-19 Osiyo chempionati saralashi "I” guruhidan o‘rin olgan uchrashuvlarda esa FIFA referisi Sherzod Qosimov qanot hakami Timur Gaynullin bilan ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, kecha 2 noyabr kuni Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Osiyo chempionlar ligasi finalining javob bahsini boshqarishi haqida xabar bergandik.
Bundan tashqari, Sherzod Qosimov boshchiligidagi hakamlar brigadasi 11 noyabr kuni Qatar va Chexiya terma jamoalari o‘rtasida Dohada o‘tkaziladigan o‘rtoqlik o‘yiniga tayinlangandi.