Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodirbek Tilavoldiyev 15 kun karantinda bo‘lib chiqdi. Bu haqda "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saytida ma’lum qilindi.
"Poytaxtdan viloyatga kelishimiz chog‘ida samolyotda biz bilan uchib kelgan yo‘lovchilardan birida koronavirus borligi gumon qilinib, karantinga olindi. Tabiiyki, o‘sha yo‘lovchi bilan birga bizni — boshqa yo‘lovchilarni ham karantinga olishdi. Mana, o‘n besh kun karantinda bo‘ldik biz ham. Shukurki, hech qanday virus aniqlanmadi, xavf-xatar o‘tkinchi bo‘lib chiqdi”, — deb yozadi deputat.
Uning qayd etishicha, fuqarolar karantin so‘zi mohiyatini to‘liq tushunib yetmayapti. Karantinda saqlanayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga "viruslar” deb nom qo‘yib, mahalla-ko‘yda ularning obro‘siga putur yetkazib, nojo‘ya gaplar tarqatish holatlari ham uchrab turmoqda.
"Vaholanki, bugungi kunda kasallik tarqalishining oldini olish uchun 100 mingdan ortiq fuqaro karantinga olingan. Fuqarolarimiz karantinga olinish bu inson kasallangan degan ma’noni anglatmasligini, faqatgina ehtiyot choralarini ko‘rish maqsadida muayyan muddatga izolyatsiya qilish holati ekanini yaxshi tushunib yetishi kerak”, — degan deputat.
Deputat, shuningdek, karantinda saqlanayotgan ayrim fuqarolar ularga davlat tomonidan barcha sharoitlar a’lo darajada yaratib berilganiga qaramasdan, nohaq karantinga olinganliklarini vaj qilib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, tibbiyot xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘layotganini ham qayd etgan.
"Ushbu baloga qarshi kurashish faqatgina Prezident va hukumatning vazifasi emas, kasallik meni va mening oilamni chetlab o‘tadi, deb fikrlaydiganlar qattiq yanglishadi. Yagona va eng to‘g‘ri yo‘l — hukumat, har bir fuqaro, tadbirkorlik subyektlari va jamoatchilikning bir tan-u bir jon bo‘lib, ushbu kasallikka qarshi mardonavor kurashishidir.
Qat’iy intizom, mas’uliyat, sabr-toqat, jipslik va fidoyilik bilan xitoyliklar ushbu baloni yengish mumkinligini amalda isbotlab berdi. Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya xalqining ham metin irodasi, gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, hukumat tomonidan qabul qilingan qonun va talablarga hurmat, itoatkorlik mazkur davlatlarda pandemiyani jilovlash imkonini berdi”, — deb ta’kidlagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 263 nafarga yetdi. Mamlakatda ilk kasallanish holati qayd etilganidan beri 25 nafar bemor sog‘aydi, ikki nafari esa kasallikdan vafot etdi.