Ganada sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida 500 dan ortiq bino vayron bo‘ldi, deb xabar beradi The Guardian. Ta’kidlanishicha, fojia oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash konchilar shahri Bogoza yaqinidagi Apiati qishlog‘ida sodir bo‘lgan. U yerda konda ishlatiladigan portlatuvchi moddalar ortilgan yuk mashinasi mototsikl bilan to‘qnashib ketgan.
Mazkur yuk mashinasi Torontodagi Kinross kompaniyasiga tegishli Chirano oltin koni tomon harakatlanayotgan bo‘lgan. Kinross vakillari ko‘ngilsiz hodisa rostdan sodir bo‘lganini tasdiqlagan va u kondan 140 kilometr uzoqlikda yuz berganini ma’lum qilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvdan keyin haydovchi — avariya ishtirokchisi — mototsikl yona boshlaganini ko‘rib, mahalliy aholini yashirinish haqida ogohlantirmoqchi bo‘lgan.
Favqulodda xizmatlarning ma’lumotlari bo‘yicha, kamida 57 kishi turli jarohatlar bilan mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan. Yaqin atrofdagi shifoxona va poliklinikalar jabrlanganlar bilan to‘lgan. Politsiya atrofdagi maktab va cherkovlarni qurbonlar uchun ochishni so‘ragan.
Tabiiy ofatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy tashkilot bosh direktori o‘rinbosari Sedji Sadji Amedonuning so‘zlariga ko‘ra, portlash oqibatida 500 dan ortiq bino vayron bo‘lgan.
Avvalroq Afg‘oniston sharqida yuz bergan portlashda 9 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, Nyu-Yorkda gaz portlashi oqibatida ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushgani, Gaitida yonilg‘i ortilgan avtosisterna avariyaga uchrab, portlashi oqibatda 40 dan ortiq odam halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.